📅 Kimyo va ilm-fan portali
ChemInfo.uz

Kimyo haqida blog

Taxminiy sinashlar haqida tushuncha

Taxminiy sinashlar haqida tushuncha

Analiz vaqtida analiz obyektiga turli reaktivlarni qo'shish natijasida uning tarkibi o'zgarishi mumkin. Shuning uchun, eng avvalo, analiz davomida qo'shilishi mumkin boʻlgan ionlar, moddalar, oksidlovchi va qaytaruvchilar, boshqa tarkibiy qismlarning borligi tekshirib ko'riladi. Taxminiy sinashlar, koʻpincha, quyidagilarni oʻz ichiga oladi.

Moddaning tashqi koʻrinishi: rangi, agregat holati va hidi asosida turli kerakli xulosalar qilinishi mumkin. Masalan, mis (II) birikmalari havorang-ko'k, nikel birikmalari och yashil, kobalt birikmalari pushti, xrom (III) birikmalari toʻq yashil va hk. bo'lganligi uchun bunday ranglar asosida tegishli xulosalar chiqariladi. Ayrim moddalar, jumladan, ayrim ionlar rangsiz alangani turli xil ranglarga boʻyaydi. Masalan, natriy rangsiz alangani sariq, kaliy — binafsha, kalsiy gʻishtsimon qizil, stronsiy — qirmizi-qizil, bariy — yashil-sariq, bor, mis, vismut yashil, qoʻrgʻoshin, qalay, surma, mishyak och- ko'k rangga boʻyaydi.

Bunday ranglarning paydo boʻlishi analitikka tegishli xulosa qilish uchun yordam beradi. Buraning rangli marvaridlarini olish asosida ham tegishli xulosalar qilinadi. Tekshiriladigan modda platina simi uchida natriy tetraborat yoki natriy-ammoniy gidrofosfat bilan qizdirilganda, obyekt tarkibidagi moddaga xos rangli «marvaridlar» hosil boʻladi. Bura marvaridlarining rangi alanganing oksidlovchi yoki qaytaruvchi qatlamlari uchun har xil bo'ladi.

Ayrim elementlar «bura marvarid»larining rangi

ElementOksidlovchi alangaQaytaruvchi alanga
NikelQizil-qo‘ng‘irBinafsha-qo'ng'ir
KobaltKo‘kTo‘q-ko‘k
TemirQo‘ng‘ir-yashilYashil
MarganetsBinafshaRangsiz
XromZumrad-yashilSariq yashil
MisKo'kQizil-qo‘ng‘ir

Alanganing sirtqi qismi oksidlovchi, ichki qismi esa qaytaruvchi boʻladi. Ma'lumki, bura marvaridlarining rangi uni olish sharoitiga, jumladan, harorat, konsentratsiya va boshqalarga bogʻliq. Shuning uchun ham bura marvaridlari asosida aniq xulosalar qilish mumkin bo'lmasada, undan foydalanish mumkin. Tekshiriladigan modda yopiq nay yoki issiqlikka chidamli probirkada qizdirilsa (qizdirish nayida isitish), modda toʻliq yoki qisman haydalishi yoxud mutlaqo haydalmasligi mumkin. Agar moddaning bir qismi haydalsa, u qisman uchuvchan, qisman uchmaydigan moddalardan iborat, degan xulosaga kelish mumkin. Modda uchuvchan bo'lmasa, uning tarkibida simob, ammoniy, karbonat, organik va element organik birikmalar yoʻqligi haqida xulosa qilinadi. Modda uchuvchan boʻlsa, u hosil qilgan sublimatning rangi (2-jadval) boʻyicha tegishli xulosalarni qilish mumkin.

Sublimat rangi bilan moddalar tabiati orasidagi bog 'liqlik

Sublimat rangiObyekt tarkibi
OqAmmoniy tuzlari, simob xlorid,
simob bromid, mishyak va surma oksidlari
SariqSimob va mishyak sulfidlari, simob yodid
Kulrang yoki qoraOrganik birikmalar, ayrim yodidlar

Tekshiriladigan obyektga suyultirilgan (2N) (3 -jadval) va konsentrlangan (4-jadval) sulfat kislota ta’sir ettirilganda turli xil gaz, hid va boshqa belgilari kuzatish mumkin. Bu belgilar ham tegishli xulosalar qilishga yordam beradi.

Agar tekshiriladigan modda qattiq boʻlsa, uni aniqlash usulining imkoniyatlari asosida eritmaga oʻtkazish kerak bo'lishi mumkin. Bunda uning erituvchilarga munosabati oʻrganiladi.

Suyultirilgan sulfat kislota ta'siri asosida sinash

AjraladiBelgisiMavjud
O2Hidsiz gazKarbonatlar, peroksidlar
SO2Yonayotgan oltingugurt hidiSulfidlar, tiosulfatlar
H2SPalag'da tuxum hidiSulfidlar
HCNAchchiq bodom hidiSianidlar
NO2Qo‘ng‘ir rang gazNitritlar
Cl2Yashil, o'ziga xos hidli gazGipoxloritlar

Moddani eritmaga oʻtkazish uchun, avvalo, uning suvda eruvchanligi tekshirib koʻriladi. Modda suvda erimasa, uni sirka, xlorid, suyultirilgan nitrat kislotalarda erishi tekshiriladi. Agar modda birorta kislotada ham erimasa, uning ammiak, ishqorlar, organik erituvchilarda erishi sinab koʻriladi. Modda sinalgan erituvchilardan birortasida erisa, uni shu erituvchida eritib, analizga tayyorlanadi. Agar modda sinalgan erituvchilarning birortasida ham erimasa, uni ketma-ket ayrim erituvchilarda eritib, alohida tekshirish uchun olib qoʻyiladi. Agar modda ketma-ket sinalganda ham erimasa, boshqa moddalar ta'siridan eriydigan holatga aylantiriladi.

Konsentrlangan sulfat kislota ta’siri asosida sinash

AjraladiBelgisiMavjud
HC1, Cl2Yashil gazXloridlar
CrO,Cl2Qizil-qo’ng'irgazСг2О72- + СгО42- + C-
SO2Yonayotgan oltingugurt hidiRodanidlar
CO+CO2Hidsiz gazOksalatlar
CIO2Sariq rangli gazXloratlar
HBr+Br2Sariq-qo‘ng‘irgazBromidlar
J2Binafsha bug'Yodidlar
NO2Qo‘ng‘ir gazNitratlar
O2Hidsiz gazPeroksidlar, oksidlar
HFUchuvchan gazFtoridlar, ftorsilikatlar

Agar tekshiriladigan modda suyuqlik yoki suvda eritilgan boʻlsa, uning pH qiymati universal indikator qog'ozi yoki pH-metr yordamida aniqlanadi. Eritmaning pH qiymati boʻyicha quyidagi xulosalarni qilish mumkin: Kuchli kislotali muhitda karbonat, tiosulfat, sulfit, sulfid, nitrit kislotalar va ularning tuzlari boʻlmaydi, chunki ular bunday muhitda parchalanib ketadi. Shuningdek, bunday muhitda ishqoriy va ishqoriy-yer metallarining atsetat, borat, silikat, gipoxlorit, fosfat, arsenatlari ham boʻlmaydi. Kuchsiz kislotali muhitda bufer aralashmalar, ishqoriy va ishqoriy-yer metallarining tuzlari boʻlishi mumkin. Ishqoriy muhitda kuchsiz asoslar va kuchli kislotalardan hosil bo'lgan tuzlar bo'lmaydi.

Oksidlovchi va qaytaruvchilarni topish. Analiz davomida tekshiriladigan eritmadagi oksidlovchi yoki qaytaruvchilar turli reaktivlar ta'siridan oʻz oksidlanish darajasini oʻzgartirishi mumkin. Shuning uchun analizni boshlashdan oldin ularning bor-yo'qligi tekshirib ko'riladi. Oksidlovchilarning borligini aniqlash uchun eritmaga kaliy yodid va sulfat kislota aralashmasi qoʻshiladi. Agar tekshiriladigan eritma tarkibida oksidlovchi modda bo'lsa, eritma yodning qo'ng'ir rangiga boʻyaladi:

Ox+KJ+H₂SO4→J₂+K₂SO4 + …

Qaytaruvchilarning borligini aniqlash uchun eritmaga kaliy permanganat va sulfat kislotalar eritmalari qo'shiladi. Agar tekshiriladigan eritmada qaytaruvchilar boʻlsa, kaliy permanganatning binafsha rangi yoʻqoladi:

Red+KMnO4 + H2SO4 → MnSO4 + K2SO4 + H₂O+…

🏷️ Teglar: #Analitik kimyo #kimyoni o'rganish #Moddaning tashqi koʻrinishi