Analiz obyektlari haqida tushuncha

Inson tevarak-atrofini oʻrab olgan barcha moddalar va hatto o‘lik olam analitik kimyoning tahlil obyektlari hisoblanadi. Ularni kimyoviy, geologik, biologik, tibbiy, tabiiy, sun'iy, sintetik, sanoat va ishlab chiqarish obyektlariga ajratish mumkin. Ular ham o'z navbatida bir qancha obyeklarga boʻlinadi.
Har qanday obyektni tekshirish uchun, eng avvalo, undan tarkibi shunga mos bo'lgan namuna ola bilish zarur. O'tkaziladigan analizning natijasi tekshirish uchun namunaning qanchalik toʻgʻri olinganiga bog'liq. Namuna toʻgʻri olingan bo'lsa, analiz natijasi ham to'g'ri va aniq boʻladi. Agar namuna obyektni har jihatdan to'la aks ettira olsa, bunday namuna vakolatli namuna deyiladi. Analiz obyekti qattiq, suyuq va gaz holida boʻlishi mumkin.
Obyektning agregat holati, tabiati, narxi va miqdoriga koʻra namuna olish turlicha boʻladi. Bundan tashqari analizdan ko'zda tutilgan maqsad va buyurtmachining talabiga qarab ham namuna olish farqlanadi. Odatda vakolatli namuna oʻrtacha namuna hisoblanadi. Tekshirish uchun olinadigan namuna tekshirish usuli va sxemasiga ham bogʻliq. Har qanday tekshirish usuli oʻzining xususiyatlariga ega. Shu sababli ham tekshirish usuli faqat namuna olishni belgilab qolmasdan, analiz sxemasini ham belgilaydi.

Analiz sxemasi esa olinadigan namunaning agregat holati, xossalari va analiz usulining imkoniyatlariga bogʻliq. Oʻrtacha namuna olish tekshiriladigan moddani sinchiklab qarab chiqishdan boshlanadi. Tekshirishning turi, usuli va maqsadidan kelib chiqib, modda analizga tayyorlanadi. Analizning yutugʻi moddaning analizga qanchalik toʻgʻri tayyorlanganligiga bogʻliq. Odatda, analizni toʻliq amalga oshirish uchun tekshiriladigan obyektning ozginasi yetarli. Analiz natijasida tekshiriladigan obyektning o'rtacha tarkibi aniqlanadi, buning uchun oʻrtacha namuna olinadi.
Oʻrtacha namuna — kimyoviy tarkibi, tarkibiy qismlarning obyektda taqsimlanishi va xossalari bilan tekshiriladigan obyektga to'g'ri keladigan, analiz uchun yetarli m iqdordagi moddadir. Moddani analizga tayyorlagandan so'ng uni analiz qilishga kirishiladi.