📅 Kimyo va ilm-fan portali
ChemInfo.uz

Kimyo haqida blog

Berilliy, Bariy va Stronsiy haqida

Berilliy, Bariy va  Stronsiy haqida

Davriy jadvalda kalsiydan pastda turgan ikkita ishqoriy yer metallari stronsiy va bariy bo‘lib, ular tabiatda kalsiy va magniychalik keng tarqalmagan. 

Stronsiy – davriy jadvalda 38-raqamli katakda joylashgan. Uning nomi, mazkur element kashf etilgan jinslarning 1790-yilda Shotlandiyadagi Strontian shaxtasidan topilgani bo‘lgan. Bariy esa jadvalda 56-raqam bilan qayd etilgan bo‘lib, uning nomi tarkibida bariy atomi bo‘lgan va o‘zi odamlarga qadimdan yaxshi tanish bo‘lgan barit minerali nomidan kelib chiqqan. Barit so‘zi yunonchada «og‘ir» degan ma’noni bildirgan. Haqiqatan ham, barit juda og‘ir mineral bo‘ladi. Uning vazni bir xil o‘lchamli granit vaznidan ikki barobar og‘ir bo‘ladi. Hozirgi kunda barit mineralini og‘ir shpat deb nomlash ham urf bo‘lgan. 

Xuddi magniy singari, stronsiyni va bariyni ham aynan o‘sha 1808-yilda Gemfri Devi kashf qilgan. Ushbu ikkala element ham tashqi ko‘rinishi va xossalariga ko‘ra ko‘proq kalsiyga o‘xshab ketadi. Lekin, ular kalsiydan ko‘ra faolroq metallardir. Bariy kukuni havoda o‘zo‘zidan yonib ketadi. Ishqoriy-yer metallari ichida bariy eng faoli bo‘lib, u ko‘proq ishqoriy metallarga o‘xshab ketadi.  Boshqa faol metallar, masalan, seziy va magniy singari, bariy ham azot va kislorod bilan birikish ega va kuchli absorbsiyalash xossasiga ega. Radioelektronikada hali lampalar qo‘llanilgan zamonlarda lampa ichini azot va kisloroddan butunlay xalos qilish uchun, aynan shu elementlar uchligidan foydalanilgan. Chunki, har qancha kuchli vakuum nasosdan foydalanilmasin, lampa ichidan havoni butunlay, to‘laligicha so‘rib olishning imkoni bo‘lmagan. Baribir, muayyan miqdordagi havo lampa ichida qolib ketgan. Ichkaridagi azot va kislorod gazlari esa lampaning to‘g‘ri va soz ishlashiga xalaqit bergan. Ichida seziy, magniy va bariy granulasi qoldirilgan radioelektron lampaga elektr toki berilganda, ushbu elementlar qizib lampa ichida bug‘langan va qoldiq kislorod va azotni o‘ziga biriktirib, uni mazkur gazlardan xalos qilgan. Lampa sovigach, allaqachon azot va kislorodni biriktirib olgan metallar lampa shishasining ichki sirtiga qaytib cho‘kib, o‘tirib qolgan. Siz agar mabodo eski lampali televizor va radio uskunalaridagi shunday lampalarni ko‘rgan bo‘lsangiz, ularning ichkari sirti ko‘zgusimon yarqiroq ekaniga ahamiyat bergan bo‘lsangiz kerak. Aynan o‘sha ko‘zgusimon sirt o‘ziga kislorod va azotni biriktirib olgan biz aytgan seziy, magniy va bariy aralashmalari tufayli yuzaga keladi. 

Stronsiy va bariy birikmalarini signal raketalari va feyrverklar tayyorlashda qo‘llaniladi. Stronsiy nitrati yorqin qizil rang bilan yonib shu’lalanadi. Bariy nitrati esa yorqin yashil rang bilan yonadi. Stronsiy gidroksidi shakar bilan biriksa, stronsiy qandi hosil qiladi. Undan, qand lavlagidan shakar olish sanoatida shakarni melassadan ajratib olish uchun foydalaniladi (melassa bu – qand lavlagidan shakar olishdagi kunjaraga o‘xshash ikkilamchi mahsulot bo‘lib, uni chorva hayonlariga yem sifatida beriladi). Qand lavlagidagi shakar stronsiyga biriktirilib, stronsiy qandi hosil qilib olingach, undan stronsiyni osongina chiqarib tashlash mumkin va natijada, pokiza va sof shakar ajratib olinadi. 

Ishqoriy-yer gidroksidlari orasida bariy gidroksidi eng kuchli asos modda sanaladi. Shu sababli ham, bariy gidroksidini qo‘llash ayrim o‘rinlarda natriy va kaliy gidrooksidlaridan ko‘ra yaxshiroq samara keltiradi. Agar muayyan ehtiyot choralari ko‘rilmasa, natriy va kaliy gidroksidlari havodagi karbonat angidrid gazini o‘ziga absorbsiyalab olishi hech gap emas. Natijada, mazkur gidroksidlarning tozaligiga putur yetadi. Garchi, bariy gidroksidi ham havodagi karbonat angidridni o‘ziga yutib olish xossasidan holi bo‘lmasa-da, lekin, undan hosil bo‘lgan bariy karbonat suvda erimaydi. Aksincha, u oq kukun ko‘rinishida cho‘kib qoladi. Natijada, bariy gidroksidi, garchi biroz kuchsizlansa-da, lekin, o‘z tozaligini saqlab qoladi. 

Lekin, bariy birikmalaridan juda ehtiyot bo‘lish kerak. Chuki, bariy birikmalari juda zaharli moddalar bo‘ladi. Masalan, o‘sha bariy gidroksidining o‘zi ham kemiruvchilarga nisbatan zahar sifatida qo‘llaniladi. Lekin, bariyning tibbiyotda qo‘llaniladigan birikmalari ham mavjud. Muayyan turdagi bariyli birikmalarni vrachlar ichga qabul qilish uchun ko‘p miqdorda tavsiya ham qilishadi. Avvaliga bariy birikmalarini juda zaharli deb aytib, keyin, ayrim bariyli birikmalarni vrachlar ichishga tavsiya qilishini aytganimiz siga g‘alati tuyulgan bo‘lsa kerak. Lekin, bunga jiddiy sabablar mavjud. 

Masalan, bariyning bariy sulfat ko‘rinishidagi birikmasi bu – o‘sha barit mineralining aynan o‘zidir. Uning molekulasida bir dona bariy va bir dona oltingugurt atomiga birikkan to‘rtta kislorod atomi mavjud bo‘ladi. Bariy sulfat suvda juda yomon eriydi va bu borada u kalsiy karbonatni ham ortda qoldiradi. Bariy birikmalari esa faqat eritma holida odamga ziyon yetkazadi. Chuki, faqat erigan moddalargina ichaklar orqali organizmga o‘tib keta oladi. Bariy sulfati erimaydigan modda bo‘lgani uchun ham, u oshqozon va ichaklar orqali erkin o‘tib keta oladi va bunda tanaga zahmat yetmaydi. 

Xo‘sh, unda, bariy sulfatning davolash uchun nima ahamiyati bor deb qiziqayapsizmi? Javobi juda jo‘n. Bilasizki, vrachlar tana a’zolariga tashxis qo‘yishda rentgen nurlaridan ham keng foydalanishadi. Rentgen nurlari nisbatan katta atom raqamiga ega bo‘lgan elementlar orqali o‘ta olmaydi. Masalan, asosan kalsiy (atom raqami 20) va fosfor (atom raqami 15) elementlaridan iborat suyaklardan rentgen nurlari o‘tmaydi. Lekin tananing yumshoq to‘qimalari, xususan, et, mushaklar, ichaklar va paylar asosan vodorod (atom raqami «atiga» 1), uglerod (atom raqami 6), azot (atom raqami 7), hamda, kislorod (atom raqami 8) elementlaridan tarkib topgan. Shu sababli ham, rentgen nurlari tananing mushaklar, teri, qon va boshqa a’zolaridan oson o‘tib ketadi. Aynan shu sababli ham rentgen tasvirida faqat suyak va tishlarni oson ko‘rish mumkin. Travmatolog vrach esa rentgen tasvirini tahlil qilish orqali, suyakning singan yoki chiqqan joyini aniqlashi, stomatolog esa, tishlardagi kovak va darz ketgan joylarni belgilashi mumkin. 

https://cheminfo.uz/bariy-haqida-malumot/

Biroq, aytganimizdek, rentgen nurlari bilan tananing yumshoq qismlarini, ayniqsa, ichi bo‘shliq-g‘ovak bo‘ladigan ichaklar sistemasini tashxislab bo‘lmaydi. Haqiqatan ham, vrachlarga ichaklar faoliyatini baholash ancha qiyin. Oshqozonniku, endoskop singari kamerali kuzatuv vositalari bilan ko‘rish mumkin, qonni esa laboratoriya tahlillaridan o‘tkazish oson. Lekin ichaklar faoliyatini baholashda bunchalik sodda usul mavjud emas... 

Shu sababli ham, vrachlar ichaklarni ko‘rish uchun bemorga atayin bariyli qorishma berishadi. Bu qorishma odatda, bariy sulfatining sut yoki, shunga o‘xshash modda bilan aralashmasi bo‘ladi. Bunda sut shunchaki, odamga sal bo‘lsa-da, o‘zi ichayotgan moddani mazaliroq ko‘rinishi uchun qo‘shiladi. Chunki, bariy sulfatning o‘zi o‘ta be’maza modda bo‘lib, unga ko‘pchilikning ta’bi tortmaydi. Bariy sulfatni sutga qo‘shib yutib yuborilgach, uning oshqozon-ichak sistemasi bo‘ylab bamaylixotir harakati boshlanadi. U ichaklar bo‘ylab asta-sekin, oz-ozdan yurib boradi. Bariyning atom raqami 56 ekanini yuqorida aytdik. Rentgen nurlari bariydan o‘ta olmaydi. Shu sababli, vrachlar ichakning bariy sulfat turgan joyini rentgen tasvirini olib, shu orqali ichakka tashxis qo‘yish imkoniga ega bo‘lishadi. 

Qadimgi zamonlardan beri insoniyatga yaxshi tanish bo‘lgan qimmatbaho toshlardan biri – berill toshidir. Uning ko‘k va yashil tusli turlari ham ancha qimmat baholanadi. Akvamarin – berillining ko‘k turi bo‘lsa, zumrad toshi esa uning yashil ko‘rinishi bo‘ladi. 

1798-yilda farang kimyogari Nikolya Lui Voklen berill toshidan o‘zi glyutsin deb nomlagan birikmani ajratib olishga erishdi. Glyutsin yunonchada «shirin» degan ma’noni beradi. Sababi, glyutsin orqali olingan ayrim birikmalarning ta’mi shirin bo‘ladi. 1828-yilda esa kimyogarlar Fridrix Veller hamda, Antuan Byussi birgalikda, berill va glyutsin tarkibidan yangi bir kimyoviy element ajratib olishganini ma’lum qilishdi. Ushbu elementga fan berilliy nomi berilgan. Nom berill minerali nomidan kelib chiqqanini allaqachon fahmlagan bo‘lsangiz kerak. Keyinchalik, element nomi bilan mineral nomi o‘rtasida chalkashliklar kelib chiqishini oldini olish uchun, berill mineralini berilliy alyumosilikati deb nomlana boshlangan. Glyutsin esa endilikda berilliy oksidi degan ilmiy nom olgan. U haqiqatan ham aslida berilliyning oksididir.  Berilliy atom raqami 4 bo‘lgan, ya’ni, davriy jadvalda to‘rtinchi katakni egallagan elementdir. Magniy va alyuminiy singari, berilliy ham ochiq havoda o‘ziga yupqa oksid qatlam hosil qilib oladi. Ishqoriy-yer metallari ichida berilliy eng mustahkami va shu bilan birga eng past faollikka egasi hisoblanadi. Ushbu guruh elementlari ichida berilliy alyuminiyga eng ko‘p o‘xshaydigan metall bo‘ladi.  Berilliyning atom raqami 4 bo‘lgani uchun, undan rentgen nurlari osongina o‘tib ketadi. Shu sababli ham rentgen trubkalarida ushbu element «oyna» sifatida ishlatiladi. Ya’ni rentgen nur trubkalari aynan berilliydan tayyorlanadi va undan chiqishda, kerakli yo‘nalishga yo‘naltiriladi. 

https://cheminfo.uz/berilliy-haqida-malumot/

Endi-endi kashf qilingan paytlarda berilliy hali xalq xo‘jaligida va texnikada juda keng qo‘llanish sohasiga ega bo‘lsa kerak degan umidli taxminlar bor edi. Lekin, hammasi aksincha bo‘lib chiqdi. Xo‘sh, nega? Chunki, berilliy odam uchun ko‘rinmas dushman ekani ancha kech ma’lum bo‘ldi. Avvaliga berilliyni ultrabinafsha nurlari ta’sirida yuzaga keladigan fluoressensiya (boshqacha aytganda, lyuminessensiya) hodisasiga asoslanib ishlovchi fluoressent lampalar ichida keng qo‘llana boshlangan edi. Bunday lampalar jamoat joylarida, xususan, umumiy ovqatlanish maskanlarida, hamda, idoralarda bezak sifatida, dizayn tarkibida qo‘llanilgan. Bunday lampa ko‘proq yorug‘lik berish bilan birga, kam energiya iste’mol qilib, o‘zidan kamroq issiqlik ajratib chiqargan. Lekin, aytganimizdek, ichida berilliy bo‘lgan bunday lampalar aslida ko‘rinmas qotil ekan. Sababi, agar bunday lampa sinib qolsa, uning shishasini ushlagan odam terisida bitmaydigan yaralar paydo bo‘lar, mabodo, bunday lampaning shisha siniqlaridan biror joyni kesib olgan odamni esa kesgan joyim bitmasdan, uzoq azob berardi. Singan lampa ichidan chiqqan havodan nafas olib qo‘ygan odam esa tuzalmas o‘pka kasalligiga chalinardi. Barcha bunday fojialarning sababi lampa ichidagi berilliy elementi tufayli ekanini aniqlashgunicha, ko‘plab odamlar bundan juvonmarg bo‘lib ketib ulgurdi. Ha, afsuski, berilliy shunday ko‘rinmas qotil bo‘lib chiqdi. U o‘zi zaharlagan odamni uzoq qiynab, oxiri baribir o‘limga mahkum qilar ekan... 

O‘sha-o‘sha, insoniyat berilliydan voz kechgan.

https://cheminfo.uz/berilliy-elementi-haqida/
🏷️ Teglar: #bariy haqida malumotlar #Berilliy haqida malumot #stronsiy haqida