MAGNIY – CHAQNATISH ELEMENTI

Davriy jadvalning 12-raqamli katakchasida magniy elementi joylashgan. Magniy ham faol elementlar sirasiga kiradi. Ushbu element ham dastavval elektroliz usuli bilan kashf etilgan elementlar turkumidan bo‘lib, uni 1808-yilda Gemfri Devi olishga muvaffaq bo‘lgan.
Magniy – metall bo‘lib, natriy, kaliy, kalsiy va temir singari metallardan farqli o‘laroq, magniy havoda xira tortmaydi. Aksincha, magniy ham xuddi alyuminiy singari, o‘z sirtida yupqa magniy oksidi qatlami hosil qilib olish xossasiga ega. Ushbu magniy oksidi qatlami shu qadar inert modda bo‘ladiki, uning boshqa moddalar bilan ta’sirlashmasligi tufayli, undan aviasozlar samolyot konstruksiyalarini tayyorlashda keng foydalanishadi. Magniy metalli alyuminiydan ham faolroq bo‘lib, sof holda ishlatiladigan metallar ichida eng kimyoviy faol metall hisoblanadi.
Biroq, magniyni hamma joyda ham qo‘llash mumkin emas. Chunki, uning o‘sha oksid qatlami ham himoya qila olmay qoladigan sharoitlar mavjud albatta. Masalan, magniy havo muhitida qizdirilsa, u ko‘zni qamashtiruvchi yorqin oq rangli olov hosil qilib yonib ketadi. Magniy yonib ketishi uchun uning boshqa qattiq buyumlar bilan tasodifiy ishqalanib ketishi ham kifoya qiladi. Shu sababli, magniy ishlab chiqaruvchi va undan foydalanuvchi korxonalarda yong‘in xavfsizligiga eng birinchi galdagi vazifa deb qaraladi.
Lekin, magniyning bunday yorqin olov chiqarish xossasining foydali jihatlari ham bor albatta. O‘ta sezgir fotoplyonkalar ixtiro qilinmagan paytlarda qorong‘u va nimqorong‘u muhitda kino va fotosuratlar olish uchun magniyni yondirib ish bitirishgan. Chunki, magniy yetarlicha sun’iy yoritishni ta’minlay olgan. Hatto hozirgi zamonda ham ayrim kinorejissorlar shunday usulda tasvirga olishdan o‘qtin-o‘qtin foydalanib turishadi. Dastlabki fotoapparatlarda ham chaqmoq funksiyasini amalga oshirish uchun magniyli pilikdan foydalanishgan. Bunda rasmga olish tugmasini bosish bilanoq apparat obyektivi ochilishi bilan birga, magniy pilikka ham kuchli elektr impulsi berilgan. Qizish natijasida magniyli pilik birdan yonib, yorqin olov bilan yorug‘lik chiqargan va atrofni kuchli yoritgan. Lekin bunday chaqmoq funksiyasi bir martalik bo‘lgan va keyingi fotosuratni olish uchun fotograf yan bir muddat texnik tayyorgarlik ko‘rishi lozim edi. Keyinchalik, fotoapparatlarning o‘zi bilan birga uning chaqmoq funksiyasi ham takomillashib bordi va hozirda, bilasizki, to‘liq elektrlashgan chaqmoq lampalaridan foydalaniladi.
Magniyni harbiylar ham qo‘llashadi. Xususan, magniyli tayoqchalarni yoqib signal berishda, yoki, bombardimon qilinadigan joyni avvaldan yoritib olishda yonayotgan magniydan foydalaniladi. Shuningdek, bombalarning ayrim turlarida ham asosiy mahv qiluvchi modda magniyning o‘zi bo‘ladi. Bunda, bomba nishonga tekkach, uning ichidagi magniy yona boshlaydi. Bu portlatishdan ko‘ra ko‘proq, nishonni yoqib yo‘q qilishga qaratilgan operatsiyalarda qo‘llaniladi. Chunki, magniyning yonish harorati o‘z yaqin atrofida turgan boshqa ko‘plab moddalarning ham alanga olishiga yetarli darajada bo‘ladi. Yonayotgan magniyni o‘chirish esa ancha qiyin. Magniy shu darajada faolki, u hatto nisbatan inert gaz hisoblanadigan azot bilan ham birika oladi va karbonat angidrid gazi, yoki, suv tarkibidan kislorodni o‘zi uchun ajratib olishi mumkin. Ushbu inert moddalardan birortasi ham yonayotgan magniyni o‘chirish xossasiga ega emas. Magniyni faqat qum sepish orqali o‘chirish mumkin. Shu sababli, urush yillarida magniyli aviahujumlardan himoyalanish uchun harbiylar o‘zlari bilan qum olib yurishga ham majbur bo‘lishgan.
Konstruktorlar uchun esa magniyning eng foydali xossasi uning yengilligi hisoblanadi.
Magniy alyuminiydan ham ancha yengilroq. Masalan, tomonlari 1 dyumdan bo‘lgan alyuminiy kubik taxminan 70 gramm tosh bosadi. Xuddi shu o‘lchamli magniy kubik esa 30 grammcha keladi xolos. Shu sababli ham konstruksiyalarda yengillik eng birinchi maqsad bo‘ladigan loyihalarda ko‘pincha alyuminiy qatorida magniy ham keng qo‘llaniladi. Odatda, metallokonstruksiyalarda magniy alyuminiy bilan birga qotishma tarzida foydalaniladi.
Masalan, 90% magniy va 10% alyuminiydan iborat bo‘lgan dau-metall nomli qotishma, yoki, 30% magniy va 70% alyuminiydan iborat magnaliy qotishmasi shular jumlasidandir.
Magniyning jahon miqyosida keng ishlab chiqarishga o‘tilishiga kuchli turtki bergan jarayon bu – aviasozlikning taraqqiy etishi bo‘lgan. Chunki, samolyot konstruksiyasida uning pishiq va mustahkamligi, shu bilan birga, yengil bo‘lishi eng katta ahamiyatli jihat sanaladi. Samolyot ishlab chiqarishda magniy keng qo‘llanila boshlashi tufayli, XX-asrning 30-40 yillari orasida jahon magniy ishlab chiqarish ko‘lami yiliga 20 ming tonnadan birdaniga yiliga 200 ming tonnaga, ya’ni, deyarli o‘n barobar ortgan edi.
Xayriyatki, shunchalik katta iste’mol darajasiga muvofiq, ona tabiat Yerimizda magniy zahirasi bo‘yicha birmuncha saxiylik qilgan. Yer qobig‘idagi magniy ulushi taxminan 2,5% atrofida bo‘lib, Yerning ichki qatlamlarida esa ushbu element yanada ko‘proqdir. Alyuminiy haqidagi maqolada aytilganidek, ulkan granit plitalar odatda kremniy va alyuminiy silikatidan iborat bo‘ladi. Yer qobig‘idagi shunday granit plitalar ostida va okeanlar tubida odatda magniy silikatdan iborat bazalt qatlamlari joylashgan bo‘ladi. Shu sababli ham, qit’alar qa’rini tasniflashda olimlar sial qatlami va simaqatlami degan terminlardan foydalanishadi. Sial qatlami tushunchasi «silikat» va «alyuminiy» so‘zlarining birinchi bo‘g‘inlaridan olingan bo‘lsa, sima qatlami so‘zi esa, sezganingizdek, silikat va magniy so‘zlarining dastlabki bo‘g‘inlaridan yasalgan. Yer qobig‘ining eng yuqori qatlamlarida, xususan, tog‘ tizmalarida magniyning magniy karbonat birikmasi kalsiy karbonat bilan birikkan holda ko‘p uchraydi. Ushbu birikmani fan tilida dolomit deyildi.
Yer qobig‘idan tashqari, butun boshli sayyora tarkibida ham magniy eng ko‘p tarqalgan elementlar sirasiga kiradi. Yer sayyorasining umumiy massasining taxminan 8,5% qismi aynan magniy xossasiga to‘g‘ri keladi. Ayrim geologlar esa, Yer massasidagi magniy ulushi 17% gacha bo‘lishi mumkin degan fikrni ham ilgari surishadi. Umuman olganda, sayyoramizda magniydan ham ko‘p metall faqat temir bo‘lishi mumkin xolos.
Magniy silikatning ommaga yaxshi tanish bo‘lgan turlari bu – asbest va talkdir. Asbest – yuqori haroratga bardoshli material sifatida yaxshi ma’lum. Asl holatda asbest mineral ko‘rinishidagi modda bo‘lib, undan maxsus asbest ip yigirsa bo‘ladi va bu ipdan esa birmuncha dag‘al bo‘lsa-da, harholda yetarlicha mustahkamlikka ega bo‘lgan asbest mato to‘qish mumkin. Bunday matodan tikilgan kiyim-bosh esa yonmaydi va yuqori haroratga ancha vaqt bardosh berib, tanaga issiqlik ta’sirini o‘tkazmay tura oladi. Qaynoq bug‘, yoki issiq suv o‘tadigan quvurlarni, shuningdek, pechka mo‘rilarini ham shu sababli asbestdan tayyorlangan quvur vositasida ta’minlashadi. O‘tga chidamli qoplamalar, olovbardosh plitkalar va izolyatsiyalarni ham aynan asbestdan yasashadi. Talk esa yumshoq va mayin modda bo‘lib, kundalik turmushda uni kukunsimon ko‘rinishda ko‘p ishlatiladi. Talkning yirik bo‘laklari argillit deyiladi.
Yer qobig‘ida magniy shunchalik ko‘p bo‘lgani bilan, lekin uni yerdan qazib olishdan ko‘ra dengiz suvidan ajratib olish qulayroqdir. Dengiz suvida ko‘p miqdorda erigan qattiq moddalardan biri magniy xloridi bo‘lib, garchi, bu modda dengiz suvidagi natriy xlorididan deyarli 5 barobar kam bo‘lsa-da, shunga qaramay. 1 km3 dengiz suvidan 15 million tonna magniy xlorid olish mumkinligi fakti sizga bu haqida yetarli tasavvur beradi deb o‘ylayman. Dunyo okeanidagi suv miqdori esa 250 million km3 deb baholanadi. Bu degani, biz magniyni dengizdan olishda davom etsak, hali beri magniysiz qolmaymiz demakdir. Haqiqatan ham, metallar ichida faqat magniy metallini dengizdan olish, uni kondan qazib olishdan ko‘ra iqtisodiy jihatdan samaraliroq bo‘lib, undan tashqari, dengizdan olinadigan boshqa yagona metall – brom sanaladi.
Ba’zan, magniy xloridi oddiy osh tuzi tarkibidagi aralashma tarzida ham uchraydi.
Ozuqa tarkibida ushbu moddani iste’mol qilib yuborilsa bundan odamga ziyon yetmaydi. Lekin, ushbu modda boshqacharoq muammo keltirib chiqarishi mumkin. Magniy xloridi ham, xuddi kalsiy xloridi singari havodagi namlikni o‘ziga tortish xossasiga ega. Shu sababli, tarkibida magniy xlorid bo‘lgan tuz nam tortib qolishi hech gap emas. Bunday tuz esa qumoqqumoq bo‘lib qoladi va qiyin maydalanadi. Albatta, bu unchalik ham katta muammo emas.
Lekin, ayrim uy bekalarining ta’bini xira qilishi turgan gap. Shu sababli, tuz qadoqlovchi korxonalarda tuzni magniy xlorididan avvaldan tozalab keyin qadoqlash yo‘lga qo‘yilmoqda.
Magniy xloridining shuningdek kaliy xloridi bilan ham birikmasi ma’lum. Bunday birikmani karnallit deyiladi.
Magniy oksidini omma orasida magneziy nomi bilan ko‘proq tanishadi. Ushbu nom aslida Yunonistondagi bir hududning nomi bo‘lib, magnetit va magnetizm terminlari ham aynan shu joy nomi bilan bog‘liq. Magniy elementining nomi ham aynan shu magneziy so‘zidan yasalgan. Magneziy, ya’ni, magniy oksidi juda qiyin eruvchan modda bo‘lib, uning erishi uchun hatto kalsiy oksidi eriydigan haroratdan ham yuqoriroq harorat zarur. Shu sababli ham, ushbu ikki modda pechkalarni ichidan suvoq qoplashda (futerovka qilishda) keng qo‘llaniladi. Magniy oksidi va natriy xloridi aralashmasi namlab qorishtirilsa, bir necha soatdan keyin ushbu qorishma o‘ta pishiq va mustahkam qattiq massaga aylanadi va qotadi. Bunday qorishmani magnezial sement deyiladi.
Magniy oksidi suvda eritilsa, u magniy gidroksidga aylanadi. Magniy gidroksid kalsiy gidroksidga qaraganda suvda qiyinroq eriydi va u ham asos modda sanaladi. Agar magniy gidroksidni suvda aralashtirilsa, qaymoqrang oq tusli suspenziya hosil bo‘ladi va uni magnezial sut deb ham atashadi. Ushbu modda ba’zida ich suruvchi vosita sifatida bemorlarga tavsiya qilinadi. Shuningdek, aynan shu maqsad uchun magniyning yana ikki xil birikmasi – magniy sulfat va magniy sitrat ham ishlatiladi.
Bir dona magniy sulfat molekulasiga birikkan yettita suv molekulasidan iborat moddani
Epsom tuzi nomi bilan ko‘pchilik yaxshi taniydi. Uning bunday nom olishiga sabab, uni ilk marta 1695-yilda Angliyaning janubiy-sharqidagi kichikroq shahar bo‘lgan Epsom shahridagi buloqlardan biridan aniqlanganidir.
Xuddi, temir va kalsiy birikmalari singari, magniy birikmalari ham suvni qattiq qilib qo‘yadi. Suvni tuzsizlantirish va yumshatishda, undagi magniy va uning birikmalarini yo‘q qilish ham muhim ahamiyatga egadir.
Magniy shuningdek odam organizmida hayot uchun juda zarur bo‘lgan muhim kimyoviy elementlar turkumiga kiradi. Odam tanasida magniy asosan suyaklarda jamlangan bo‘lib, o‘rta yoshli odam organizmida taxminan 20 gramm magniy moddasi bo‘ladi.
Magniy haqida aytish zarur bo‘lgan eng muhim gapni esa men maqola so‘ngiga olib qo‘ygan edim. Yaxshi bilasizki, barcha yashil o‘simliklar tanasi va ayniqsa bargida xlorofill moddasi mavjud bo‘ladi. Quyosh nurlaridan kelayotgan yorug‘lik energiyasini tutib olish, ya’ni, fotosintez qilishda aynan xlorofill asosiy vazifani bajaradi shu tufayli ham o‘simliklar o‘z tana to‘qimalarini tashkil qilib, qaddini tik tuta oladi. O‘simlik tanasi to‘qimalaridan esa o‘txo‘r hayvonlar oziqlanadi. O‘txorlar bilan etxo‘rlar oziqlanadi va ho kazo. Bu shuni anglatadiki, barcha o‘simlik va hayonlarning, shuningdek, ko‘plab mikroskopik organizmlarning hayoti aynan xlorofillga chambarchas bog‘liqdir! Xlorofill tarkibidagi eng asosiy element esa magniy bo‘ladi. Xlorofill molekulasidan magniy atomi chiqarib tashlansa, u Quyosh nurlarini fotosintez qila olmaydigan bo‘lib qoladi va natijada o‘simlik o‘z tanasini o‘stira olmasdan, nobud bo‘ladi. Shunday ekan, Yerdagi hayot uchun eng muhim, balki, o‘ta muhim element bu - magniy desak aslo yanglishmagan bo‘lamiz.