Elektrolizning amaliy ahamiyati

Elektrolizning amaliy ahamiyati
Elektroliz xalq xo‘jaligida va ishlab chiqarish jarayonlarida keng va turli-tuman qo'llanishga ega. Osh tuzini elektrolizi natijasida xlor va o‘ yuvchi natriy ishlab chiqariladi. Ammiakni sintezi uchun qo‘llanadigan vodorodni olish suvni elektrolitik parchalanishiga asoslangan.
Sulfat kislotaning 50% li eritmasini elektroliz qilish orqali vodorod peroksid olish jarayoni sanoatda keng qo‘llanadi. NaCl ning suvli eritmasini elektroliz qilib, NaOCl va NaClO3; MgCl2, va CaCl2 suyuqlanmalaridan Mg va Ca olish hamda boshqa maqsadlarda foydalaniladi.
Ko‘pchilik metallarni ularning tuzlari suyuqlanmasini elektroliz qilib olinadi, chunki ular suvli sharoitda oson oksidlanishi mumkin.
Bunday metallardan magniy (MgCl2 dan), natriy (NaOH dan), aluminiy (aluminiy oksidning kriolit Na3[AlF6] dagi suyuqlanmasidan) olinadi. Bu reaksiyalar yuqori temperaturada olib boriladi.
Bundan tashqari, metallar yuza qatlamini nikel, xrom, kumush, mis va boshqa korroziyaga bardosh beradigan metallar bilan qoplash keng qo'lanadi. Bunday hollarda metallar yuzasi faqat korroziyadan saqlanibgina qolmasdan, yuza qatlamning qattiqligini va ishqalanishga qarshiligini orttiradi. Qoplanma yuzasini hosil qilishda buyum katod va qoplama yuza qiladigan metall aktiv anod sifatida ishlatilganda (rafinatsiya) elektrolit eritmasida metall tuzining konsentratsiyasi o‘zgarmaydi, shu sababli asosiy jarayon borishi turg‘un bo‘ladi.
Galvanoplastika
Metall yuzasini xrom, rux va nikel bilan qoplash jarayonini galvanostegiya deb ataladi.
Galvanoplastika deb atalgan jarayonda qavariq shakldagi buyumlar yuzasiga metallar cho‘ktirib ularning aniq nusxalarini tayyorlab, teri yoki qog‘ozga chuqur iz tushirish maqsadida muhr va matritsalar tayyorlanadi.
