📅 Kimyo va ilm-fan portali
ChemInfo.uz

Kimyo haqida blog

Analitik kimyo usullari haqida

Analitik kimyo usullari haqida

Analitik kimyoning barcha mavjud usullarini tekshiriladigan xossalar, qayd qilinadigan kattalik yoki analitik belgilarning turlariga koʻra kimyoviy, fizikaviy, biologik va fizik-kimyoviy usullarga boʻlish mumkin. Kimyoviy usullar moddalarning kimyoviy xossalarini (kimyoviy reaksiyalar) tekshiriladi. Fizikaviy usullarda moddalarning fizik xossalari (suyuqlanish va qaynash haroratlari, issiqlik va elektr oʻtkazuvchanliklari, issiqlik ta'siridan nur chiqarish, nur yutish, nurning modda bilan ta'sirlashuvi, alanga rangining boʻyalishi va boshqalar) tekshiriladi.

Biologik usullar inson va boshqa biologik turlarning turli sezgi organlari yordamida moddalarning xossalarini tekshirishga asoslangan. Fizik-kimyoviy analiz usullari moddalarning kimyoviy reaksiyalar natijasida oʻzgaradigan fizik xossalarini tekshirishga asoslangan boʻlib, hozirda ular kimyoviy usullar qatoriga kiritilmoqda. Usullarni bunday bo'lish ko'p jihatdan shartli hisoblanadi.

Masalan, konduktometriya usuli kimyoviy usullarga ham, fizikaviy usullarga ham kiritilishi mumkin. Elektrolit eritmasining elektr oʻtkazuvchanligi asosida moddaning konsentratsiyasini topish fizikaviy, moddani titrlash asosida uning konsentratsiyasini topish esa kimyoviy usullarga kiritilishi mumkin. Kolorimetriya, fotometriya, radiokimyoviy usullar ham shular jumlasidandir.

Analitik kimyoda har qanday analizni amalga oshirish uchun moddadan namuna olinadi, u analizga tayyorlanib, sifat, miqdor, struktur va boshqa aniqlashlar bajariladi. Shu nuqtai nazardan analitik kimyo usullarini namuna olish, namunani parchalash, uni tarkibiy qismlarga ajratish, tarkibiy qismlarni topish va aniqlash usullariga bo'lish mumkin. Analitik kimyo usullari ishlatiladigan reaktivlarning miqdorlariga koʻra IYUPAK (International Union of Pure and Applied Chemistry Nazariy va amaliy kimyo boʻyicha xalqaro uyushma)ning tavsiyasiga binoan quyidagilarga boʻlinadi:

makro usul – 0,1 grammdan ortiq modda; yarimmikro usul — 0,1-0,01 gramm; mikro usul — 102 grammdan kam. Mikrousullar katta chegarani oʻz ichiga olib, ular submikro (10-3-10-4 gramm) va ultramikro (10-4 grammdan kam) usullarga boʻlinadi.

Analiz usullariga qoʻyiladigan talablar

Analiz usullarining barchasi toʻgʻrilik va qayta takrorlanuvchanlikni ta'minlashi kerak. Shuning uchun ularning har biri aniq va toʻgʻri bajarilishi lozim. Odatda, moddalarni topish deganda, biz sifat analizini, aniqlash deganda esa miqdor analizini nazarda tutamiz. Tarkibiy qismlarni topish uchun sezgirligi yuqori boʻlgan selektiv usullardan foydalaniladi. Bunda kimyoviy reaksiyaning oxirigacha borishi shart emas, balki reaksiya sezilarli analitik belgi bilan sodir boʻlsa, bas. Moddalarni aniqlash usullarida esa, jarayon toʻliq borib, miqdoriy sodir boʻlishi shart. Bunda moddaning tarkibi bilan uning xossalari orasidagi bogʻliqlik tekshiriladi.

Analitik kimyo fani haqida malumot

Analiz usullari topishning pastki chegarasi, selektivlik, tezkorlik (ekspreslik), soddalik, arzonlik va avtomatlashtirishga moslik bilan ajralib turishi kerak. Ayrim moddalarning ma'lum qismi analiz qilinsa (lokal), ayrim moddalar radioaktiv, zaharli yoki portlovchi boʻlganligi uchun ularni uzoqdan turib (distansion) analiz qilishga toʻgʻri keladi. Bular analitik kimyoning rivojlanish tendensiyalarini tashkil etadi. Ko'p hollarda bularni amalga oshirish asboblashtirilgan usullarni qoʻllashni talab etadi. Asbobli usullarni esa avtomatlashtirish oson boʻladi.

Tabiatda toza, tarkibi bir xil moddadan iborat obyektlar deyarli yoʻq, ular doimo murakkab tarkibli boʻladi, shuning uchun analitikada aralashmalar analizi muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Ayrim hollarda (radioelektronika, kosmonavtika, yarim o'tkazgichlar, telemexanika va boshqa sohalarda) toza moddalar analizi muhim boʻlib qolishi ham mumkin. Hozirgi analiz usullari ancha hisoblashlarni, chizmalar tuzishni, natijalarni statistik ishlashni talab etganligi uchun analizni matematika va hisoblash texnikasi kompyuterlar bilan bogʻlash muhimdir.

Biz yuqorida aytib o'tgan analiz usullari turli xil boʻlganligi, turli xossa va xususiyatlarga egaligi uchun ularning yagona nazariy bazasi bo'lishi kerak. Bu nazariy baza analitik kimyoning negizini tashkil etadi.

🏷️ Teglar: #Analiz usullariga qoʻyiladigan talablar #Biologik usullar #Fizik-kimyoviy analiz usullari #Fizikaviy usullar #Kimyoviy usullar