Erituvchilar — organik erituvchilar

Erituvchilar
Erituvchilar individual kimyoviy birikmalar yoki ularning aralashmasi boʻlib, turli moddalarni eritish xususiyatiga ega, ya'ni ular bilan ikki yoki undan ortiq bir jinsli, oʻzgaruvchan tarkibli sistemalar hosil qiladi. Erituvchilar gomogen muhit hosil qilib, oʻzaro ta'sirlashuvchi zarrachalar orasidagi to'qnashishni ta'minlaydi, kimyoviy reaksiyalar mexanizmiga, tezligiga va muvozanat o'rnatilishiga ta'sir qiladi. Ekzotermik jarayonlarda erituvchilar oʻzaro ta'sirlashayotgan moddalar konsentratsiyasini kamaytirgan holda ortiqcha issiqlikning yoʻqotilishiga xizmat qiladi.
Ixtiyoriy modda boshqa moddaga nisbatan erituvchi boʻlishi mumkin. Lekin amaliyotda ayrim talablarga javob beradigan moddalargina erituvchi deb yuritiladi. Ular avvalo yaxshi eritish xossasiga ega va eritilayotgan moddaga nisbatan yetarlicha inert boʻlishi talab etiladi. Sanoatda ishlatiladigan erituvchilar oson topilishi, arzon va xavfsiz boʻlishi zarur. Sanoatning tarmog'iga qarab erituvchilarga maxsus talablar ham qoʻyiladi.
Erituvchilarni klassifakatsiyalashda ma`lum prinsiplarga amal qilinadi. Kimyoviy tarkibiga ko'ra organik va noorganik erituvchilar, agregat holatiga koʻra gaz, suyuq va qattiq erituvchilar bo'ladi. Erituvchilarni miqdoriy va yarim miqdoriy klassifikatsiyalash usullari ham bor .
Organik erituvchilarga uglevodorodlarning galogenli hosilalari, spirtlar, oddiy va murakkab efirlar, ketonlar, nitrobirikmalar va b. kiradi.
Noorganik erituvchilarga suv, suyuq ammiak (ishqoriy metallar uchun yaxshi erituvchi). suyuq sulfit angidrid (SO₂, suyuq.T. -75.5°C, qayn.T. -10°C, koʻplab organik va noorganik moddalar erituvchisi), brom uchftoridi (BrF3, suyuq.T. 9°C, qayn.T. 126°C), sulfurilxlorid (SO2Cl2, suyuq.T. -55°C, qayn.T. 69°C), tionilxlorid (SOCl2, suyuq.T. -105°C, qayn.T. 76°C) va b. kiradi.
Qayn. T. 100°C gacha boʻlgan erituvchilar past haroratda qaynaydigan (masalan, etil spirti, metilatsetat), qayn.T. -140°C dan yuqori boʻlgan erituvchilar yuqori haroratda qaynaydigan erituvchilar (masalan, ksilollar) deyiladi. Uchuvchanligiga koʻra uchuvchan, o'rtacha uchuvchan va qiyin uchuvchan erituvchilar farq qilinadi. Qovushqoqligiga koʻra kam qovushqoq (2 mPa-s dan kam), oʻrtacha qovushqoq (2-10 mPa·s) va qovushqoqligi yuqori (10 mPa-s dan katta) erituvchilar bo'ladi.
Dipol momentiga ega yoki ega emasligi va dielektrik singdiruvchanligi kattaligiga ko`ra qutbli va qutbsiz erituvchilar farq qilinadi. Dielektrik singdiruvchanligi va donor-akseptorlik xossalariga ko'ra erituvchilar 4 guruhga bo'linadi:
- 1. Proton erituvchilar - proton donorlari boʻlib, erigan modda bilan mustahkam H bog'lar hosil qiladi. Suv, spirtlar, suyuq ammiak, karbon kislotalar va b. Ular yuqori dielektrik singdiruvchanlikka ega epsilon > 15 ) .
- 2. Aproton bipolyar erituvchilar: geksan, CCl4, benzol, xloroform, ketonlar (atseton), ayrim aproton amidlar (DMFA), sulfoksidlar (DMSO). Ular yuqori dielektrik singdiruvchanlikka ega, ammo donor-akseptorlik xossalariga ega emas.
- 3. Elektrondonor erituvchilar: efirlar.
- 4. Dielektrik singdiruvchanligi kichik bo'lgan qutbsiz erituvchilar (epsilon < 15) Bu turga CS2. uglevodorodlar kiradi. Ular proton va elektronga nisbatan donor-akseptorlik xossalari namoyon qilmaydi.
Kislota-asosli xossalariga ko'ra erituvchilar kislotali (masalan, sirka kislota), asosli (masalan, piridin) va neytral (masalan, benzol) turlarga boʻlinadi. Yuqorida ko'rib o'tilganidek, erituvchilarning klassifakatsiyasi turli tumandir. Organik erituvchilar plastmassalar, laklar, bo'yoqlar, sintetik tolalar, smolalar, yelimlar ishlab chiqarishda; poligrafiyada, rezina sanoatida, oʻsimlik yogʻlarini ekstraktsiya qilishda, kiyimlarni kimyoviy tozalashda ishlatiladi. Shuningdek, ular kimyoviy birikmalarni qayta kristallab tozalashda, moddalarni xromatografiya usulida ajratishda, maʼlum muhit hosil qilish maqsadlarida ham qo'llaniladi.
Mebel sanoatida asosan uglevodorodlar, spirtlar va murakkab efirlar ishlatiladi. Uglevodorod erituvchilariga benzin, uayt-spirit (lak kerosini), skipidar, benzol va b. kiradi. Ular olovga nisbatan xavfli, suvda erimaydi, yogʻlar, moylar, ayrim smolalar, kauchuklarni yaxshi eritadi, sellyuloza efirlarini eritmaydi.
Organik erituvchilar misollar
Skipidar - terpen va terpenoidlar aralashmasi. Uning harakatchan va siqilgan turlari boʻladi. Harakatchan skipidar rangsiz yoki och-sariq rangli suyuqlik. Zichligi 0.86-0.87. Qayn.T. 152- 155 dan 180°C gacha. Siqilgan skipidarning oʻtkir hidi boʻladi va u quyuqroq bo'yalgan. Moy laklari, boʻyoqlar, gruntovkalar va shpatlevkalarni suyultirish uchun ishlatiladi. Smola va moylarni yaxshi eritadi. Efirlar, spirtlar va xlorli hosilalar bilan aralashadi. Moysimon qoplamalarning qurishini tezlashtiradi. Mum mastiklari tayyorlashda qoʻllanilishi mumkin. Yuzalarni nam shlifovkalashda ishlatilishi mumkin. Mum, oltigugurt, fosfor, yog' va smola (linoleatlar, rezinatlar va b.) kislotalarining metall tuzlarini eritadi.
Uayt-spirit. Neftni haydashda benzin va kerosin orasida olinadigan fraksiya boʻlib, shaffof. Zichligi 0.970, qayn.T. 165°C dan katta emas. Uchuvchan, neytral. Moysimon boʻyoq va laklar erituvchisi sifatida skipidardan keyingi o'rinda turadi.
Benzin. Neftni haydab olinadigan uchuvchan fraksiya. Yong'indan xavfli. Havo bilan portlovchi aralashma hosil qiladi. Oson uchuvchanligi va yonish xavfi borligi sababli mum va moylar erituvchisi sifatida cheklangan miqdorda ishlatiladi.
Benzin. Neftni haydab olinadigan uchuvchan fraksiya. Yong'indan xavfli. Havo bilan portlovchi aralashma hosil qiladi. Oson uchuvchanligi va yonish xavfi borligi sababli mum va moylar erituvchisi sifatida cheklangan miqdorda ishlatiladi.
Benzol. Harakatchan, uchuvchan va rangsiz suyuqlik. Uning 90% li va 50% li (solventnafta) turlari boʻladi. Odatda qoʻshimcha sifatida toluol va ksilollar saqlaydi. Suvda erimaydi. Kanifol, mum, kauchuk, kamfora va b. moddalarni yaxshi eritadi. Benzol bug'lari zaharli. Moy laklari quyuqlashishining oldini olishda, nitrolaklar uchun boshqa erituvchilar bilan suyultiruvchi aralashma holida ishlatiladi.
Metil spirti - rangsiz harakatchan suyuqlik. Odatda atseton, yuqori molekulyar ketonlar va efirlar saqlaydi. Zaharli. Ayrim smolalar va moylarni eritadi.
Etil spirti - rangsiz harakatchan suyuqlik. Lak sanoatida 90% dan yuqori spirt ishlatiladi. Nitrolaklar uchun boshqa erituvchilar bilan suyultiruvchi aralashma holida ishlatiladi. Butil spirti - nitrotsellyuloza laklari uchun yaxshi erituvchi. Etiletilenglikol - rangsiz, hidsiz harakatchan suyuqlik, qovushqoqligi yuqori. Suv bilan ixtiyoriy nisbatda aralashadi. Nitrotsellyulozalar uchun yaxshi erituvchi. Bugʻlanish tezligi kam. Tabiiy va sun'iy smolalar asosidagi laklar erituvchisi.
Murakkab efir erituvchilariga asosan metil-, etil-, butil- va amilatsetatlar kiradi. Ular asosan nitrotsellyulozalar erituvchisi, nitrolaklarning suyultiruvchisi sifatida ishlatiladi.
Metilatsetat - past haroratda qaynaydigan, rangsiz harakatchan suyuqlik, yuqori uchuvchan. Qayn.T. 56-58°C. Yong'indan xavfli va zaharli.
Etilatsetat - kam bugʻlanuvchi suyuqlik. Qayn.T. 77-82°C. Yoqimli hidli, spirt, efirlar, yogʻlar va moylar bilan ixtiyoriy nisbatda aralashadi. Smola va mumni yaxshi eritadi.
Butil atsetat - qisman sariq rangli suyuqlik, kam bugʻlanuvchan boʻlganligi sababli qurish tezligini kamaytirish uchun ishlatiladi.

Amilatsetat - rangsiz, harakatchan, yoqimli hidli suyuqlik, nitrotsellyuloza, moy va ayrim smolalarni yaxshi eritadi. Bug'lanish tezligi kam. Nitrolaklar erituvchisi sifatida ishlatiladi.
Ketonlar sinfi vakili atseton - uchuvchan suyuqlik, nitrotsellyuloza, smolalar va moylarni yaxshi eritadi. Yong'indan xavfli. Suv, spirt va efirlar bilan aralashadi. Yoqimsiz hidga ega.
Erituvchilarga qo'yiladigan xavfsizlik talablari ham boʻladi. Koʻpchilik erituvchilar fiziologik faol, organik erituvchilar yong'in va portlashdan xavfli. Aromatik uglevodorodlar, galogenli hosilalar, aminlar, ketonlar yuqori konsentratsiyalarda jiddiy zaharlanishga olib kelishi, teri kasalliklarini chaqirishi mumkin. Ular bilan ishlashda maʼlum koʻrsatmalarga amal qilish talab etiladi.