📅 Kimyo va ilm-fan portali
ChemInfo.uz

Kimyo haqida blog

Tahliliy jarayonlar va axborotlar

Tahliliy jarayonlar va axborotlar

Analiz davomida moddaning sifat va miqdoriy tarkibi haqida axborot- ma'lumot olingani uchun uni axborot olish jarayoni deb qarash mumkin. Bunday axborot koʻz bilan kuzatish yoki biror asbobda oʻlchash bilan bogʻliq. Toʻplangan axborot analitik belgi (signal) bo'lib hisoblanadi. IYUPAK ning tavsiyasiga koʻra analitik belgi aniqlanadigan moddaning obyekt tarkibidagi miqdori bilan bevosita bogʻliq boʻlgan, tahlilning oxirgi bosqichidagi oʻlchangan fizikaviy kattalikning oʻrtacha qiymatidir.

Odatda,bu qiymat massa yoki konsentratsiyaga bogʻliq. Tortish natijalari, moddalarning spektrlari, potensial yoki elektr oʻtkazuvchanligi, tok qiymati, elektr miqdori, optik zichlik va boshqalar analitik belgilardir. Kimyoviy sifat analizida eritma rangining oʻzgarishi yoki rang paydo boʻlishi, cho'kma tushishi yoki gaz ajralib chiqishi ham analitik belgilardir. Har qanday analitik belgi modda, uning tarkibi va xossalari haqida juda katta axborot beradi. Bu axborot asosida koʻpgina masalalarni hal qilish mumkin. Misol tariqasida polyarografik to'lqinni olib qarasak, u moddaning sifat (E₁/₂) va miqdor (Id yoki h) tarkiblaridan tashqari, xossalari, turli xil konstantalari haqida ham ma'lumot beradi.

Polyarogramma haqida

Analitik kimyoda tahliliy belgini olishning keng tarqalgan usuli oʻlchashdir. Eritmaning hajmi, moddaning massasi, potensiali, optik zichligi, to'lqin uzunligi, pH, yarim to'lqin potensiali, diffuzion tok, elektr oʻtkazuvchanlik, qarshilik va boshqalarni oʻlchash bunga misol bo'la oladi. Oʻlchash haqidagi fan kimyoviy metrologiya nuqtai nazaridan kimyoviy tahlil moddaning kimyoviy tarkibini o'lchashdir.

Analitik belgini matematik jihatdan y=f(x) shaklida ifodalash mumkin, bu yerda, y — analitik belgi; x — modda miqdorini belgilovchi kattalik, masalan, konsentratsiya. Oʻlchash natijasi formula, jadval yoki chizma shaklida tasvirlanishi mumkin. Analitik signal foydali va aralashgan kirishmalar belgilari, oʻlchashdagi shovqinlardan tashkil topadi. Tadqiqotchi-analitik ularning ta'sirini mumkin qadar kamaytirish choralarini ko'rishi kerak. Begona moddalar va shovqinlar ta'sirini kamaytirish uchun xolis (salt) tajriba oʻtkaziladi. Har ikkala tajribada olingan natijalar farqi foydali belgiga mos keladi.

Metrologiya nuqtai nazaridan kimyoviy tahlilning quyidagi xususiyatlarini keltirish mumkin:

1) Bir moddaning miqdorini aniqlayotganda, koʻpincha, koʻp moddalar o'lchanayotgan boʻladi. Shuning uchun ham oʻlchashdan oldin moddaning tarkibini bilishga toʻgʻri keladi. Sifat analizining miqdoriy analizdan oldin bajarilishi ham shundan.
2) Oʻlchashning oʻzi, koʻpincha, bevosita boʻlmaydi. Odatda, u yoki bu zarrachalarning soni emas, balki massasi (gravimetriya), hajmi (titrimetriya), potensiali (potensiometriya) oʻlchanadi.
3) Kimyoviy analiz vaqtida tekshiriladigan obyekt tarkibida bir necha modda boʻlganligi uchun bir tarkibiy qism ikkinchisiga albatta ta'sir ko'rsatadi. Bu ta'sir muayyan xatolarga olib keladi. Analiz natijalari toʻgʻri boʻlishi uchun xatolar mumkin qadar kam boʻlishi, ularning oldi olinishi, yuzaga kelgan xatolar esa hisobga olinishi va baholanishi zarur.

O'lchashning turli usul va vositalari mavjud. Analitik kimyoda massani oʻlchash uchun texnik, analitik va mikrokimyoviy tarozilardan foydalaniladi. Koʻplab oʻlchashlar analitik tarozilarda bajariladi. Texnik tarozilar yordamchi vosita sifatida qoʻllaniladi, chunki texnik tarozilar 0,01 g aniqlikkacha, analitik tarozilar esa 0,0001 g aniqlikkacha tortish imkonini beradi. Juda kam miqdor moddalarni aniqlashda asosiy oʻlchov vositasi sifatida mikroanalitik tarozilar (0,000001 g aniqlikkacha oʻlchaydi) ishlatiladi.

Eritma va suyuqliklarning hajmini oʻlchash uchun turli hajm va aniqlikka ega boʻlgan oʻlchov kolbalari, pipetka, byuretka, silindr, menzurka va boshqalardan foydalaniladi. Analitik kimyoda moddaning tarkibi haqidagi xulosa oʻlchash natijasi asosida qilinadi, shuning uchun ham u mumkin qadar aniq boʻlishi kerak. Oʻlchash natijalarining to'g'riligini va ishonchliligini ta'minlash uchun tegishli qoida va usullardan foydalaniladi. Masalan, tortish natijalarining aniqligi va ishonchliligini ta'minlash uchun tortish qoidalariga toʻliq rioya qilish, bir analiz doirasida faqat bir tarozi va toshlardan foydalanish, tortishni bir xil haroratda o'tkazish, harorat o'zgarganda uni hisobga olib, analiz natijasiga tuzatishlar kiritish zarur bo'ladi.

🏷️ Teglar: #Analitik kimyo #anzliz qilish #kimyoni o'rganish