📅 Kimyo va ilm-fan portali
ChemInfo.uz

Kimyo haqida blog

PLATINA VA UNING GURUHI

PLATINA VA UNING GURUHI

Geliy haqidagi bobda u va u qatoridagi inert gazlarni ba’zan asl gazlar, yoki nodir gazlar deb ham atalishini aytib o‘tgan edik. Chunki, bu elementlar boshqa moddalar bilan deyarli yoki umuman hech qanday birikmalar hosil qilmaydi. Shu sababli ham, ularni xuddi aslzoda oqsuyak kishilarga qiyosan, asl gazlar deyilgan. 

Boshqa elementlarni esa aslzodalar deyilmaydi. Chunki, ular o‘zaro ko‘plab ming xil birikmalar hosil qila oladi. Biroq, boshqa elementlar ichida ham muayyan metallar borki, ular boshqalar bilan birikma hosil qilishga unchalik ham intiq bo‘lmaydi. Masalan, oltin shunday metalldir. 

Oltin kislorod, oltingugurt va kislotalar bilan ta’sirlashmaydi va shu sababli, oltinni asl metall deyiladi. 

Lekin, asllik bobida oltindan ham o‘tib tushadigan yana bir metall mavjud. Bu davriy jadvaldagi 78-raqamli element – platina bo‘ladi. Ushbu metallni Janubiy Amerikadan kashf etilgan va uning nomi ispan tilida «kumushcha» degan ma’noni anglatuvchi so‘zdan olingan. Sababi, platina metallining tashqi ko‘rinishi va ayniqsa rangi ispanlarga qadimdan yaxshi tanish bo‘lgan kumushni eslatgan.

Ehtimol Amerika qit’asining mahalliy aholisi, ya’ni, hindular platina bilan juda qadimdan tanish bo‘lishgan bo‘lsa kerak. Lekin, Yevropaliklar bu metall haqida Janubiy Amerikaga sayohat qilgan italyan vrachi Yuliy Sezar Skaliger orqali 1557-yilda tanishishgan. Uni kimyogar sifatida tadqiq qilgan birinchi shaxs esa Antonio de Uluoa ismli kishi bo‘lib, uning 1748-yilga oid ilmiy ishlarida platinaning xossalari bayon qilingan. Shunga qaramay, 1774-yilgacha platina alohida mustaqil kimyoviy element sifatida qayd etilmagan edi. 

Platinaning boshqa moddalar bilan reaksiyaga kirishmasligi xossasi uni kimyo laboratoriyalari uchun benazir moddaga aylantirgan. Sababi, ichida turli reaktivlar saqlanadigan kimyoviy laboratoriya idishlarining o‘zining materiali ham ichidagi modda bilan reaksiyaga kirishib ketishi avvallari katta muammo sanalardi. Platinadan tayyorlangan kimyoviy idishlar, ayniqsa qizdirish moslamalari – tigllar bu muammoni hal qilgan. Agar biror moddani juda ham kuchli va qattiq qizdirish kerak bo‘lsa, buni platina tigl vositasida bemalol, qo‘rqmasdan bajarish mumkin. Chunki, bunday yuqori haroratda ham ichidagi modda platina bilan reaksiyaga kirishib ketmaydi. Chunki, platina 1774 ℃ da eriydi. Shu sababli, uni oqarib ketgunicha ham qizdirish mumkin.  Tarkibida erigan kimyoviy moddalarga ega suv orqali elektr toki o‘tkazilsa, odatda tok ta’sirida ushbu eritmada kimyoviy o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bunday o‘zgarishlar asosan elektrodlarda, ya’ni, suyuqlikka o‘tkazgich sifatida tushirilgan metall plastinalarda yuzaga keladi. Agar, kimyogarlar uchun elektrodlarning kimyoviy o‘zgarishga uchramasligi muhimroq bo‘lsa, unda, elektrodni aynan platinadan tayyorlanadi. 

Hatto eng faol modda bo‘lgan ftor ham platina bilan ta’sirlasha olmaydi. Ftorning platinaga ta’sir ko‘rsatishi uchun g‘oyat yuqori harorat, ya’ni, platina qip-qizil bo‘lib qizarib ketadigan darajadagi harorat kerak bo‘ladi. Va hatto shunaqa yuqori haroratda ham ftor va platinaning o‘zaro ta’siri juda sust, ya’ni, imillama tarzda kechadi. 

Albatta, platinaga ta’sir eta oladigan moddalar tabiatda mavjud. Masalan, spirt platinani erita oladi. Kuchli asoslar ham unga ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, boshqa ayrim metallar ham platina bilan qotishma hosil qila oladi. Shu sababli ham, platinali uskuna yoki idishdan foydalanayotgan kimyogar bu haqida doim yodda tutishi lozim. Chunki, platina uskuna yoki idishni unga ta’sir qila oladigan moddalar bilan o‘zaro teginib ketishini oldini olish juda muhimdir. Sababi, bunda birinchidan, o‘sha idish yoki uskunaning o‘zi rasvo bo‘lib, yaroqsiz holga kelsa; ikkinchidan, platina narxiga ko‘ra oltindan ham qimmat turadi va uni qisman yo‘qotilishi ham katta iqtisodiy zararga olib keladi. Ishqoriy metallarni eritish uchun platina tigldan foydalanish yaramaydi. Buning o‘rniga kumush yoki temir tigl ishlatish kerak bo‘ladi. 

Platinaning o‘zi noyob metall ekanligi hamda, uning qimmatbaho narxi tufayli undan zargarlik buyumlari tayyorlashda ham foydalaniladi. Odatda, zargarlar platinadan brilliant uchun gardish tayyorlashadi. Platina oltinning sariq rangidan xalos qilish uchun unga qotishma tarzida kiritsa bo‘ladigan metallardan biridir. Oq tilla deb yuritiladigan bunday oltinning eng keng tarqalgan turida 10% nikel va oz miqdorda rux bo‘ladi. Oq tillaning boshqa bir, nisbatan qimmatroq turi platinali tilla deyiladi va unda 1/3 qismi oltin, 2/3 qismi esa platina bo‘ladi. Oq tilla asosan zargarlik buyumlari tayyorlashda ishlatiladi. 

Rossiya hududida ilk bora platina aniqlanganida qalbaki tanga pul zarb qiluvchi qalloblar undan tilla tangalarning qalbaki nusxasini tayyorlab tarqatishgan. Bunda, platina tanganing ustini yupqa tilla qoplamasi bilan qoplab chiqarishgan. Keyinchalik 1830-1840yillarda Rossiya platina tangalarni rasman muomalaga ham kiritgan. Lekin, keyinchalik platinaning nechog‘lik nodir metall ekani ayon bo‘lib borgach sari, uning narxi ham oshib bordi va undan tanga zarb qilishga chek qo‘yildi. 

Odatda platina olinadigan rudalardan tashqi ko‘rinishidan unga o‘xshab ketadigan boshqa metallar ham topiladi. Platina bilan birga chiqadigan bunday o‘xshash metallar 5 xil bo‘lib, bu metallarni umumiylashtirib, platina guruhi metallari deyiladi. Platina bilan birga esa guruhdagi umumiy metallar soni oltita bo‘ladi va ularni triada deb nomlanuvchi uchta metalldan iborat ikkita alohida guruhchalarga ajratiladi. Har bir triadada element raqamlari ketma-ket joylashgan. 

https://cheminfo.uz/platina-haqida-malumot/
🏷️ Teglar: #Platina haqida malumot #platina narxi #Platina nima #platina oilasi elementlari #PLATINA VA UNING GURUHI