📅 Kimyo va ilm-fan portali
ChemInfo.uz

Kimyo haqida blog

Platina guruhi haqida

Platina guruhi haqida

Birinchi triada 44, 45 va 46-raqamli elementlar, ya’ni, ruteniy, rodiy va palladiydan iborat. Ikkinchi triadaga esa 76, 77 va 78-raqamli elementlar, ya’ni, osmiy, iridiy va albatta, platinaning o‘zi kiradi. Bularning barchasi deyarli oltin narxida, yoki undan ham qimmat turadi. 

Agar siz davriy jadvalga e’tibor qaratsangiz, ushbu triadalar yana bir boshqa metallar triadasi – temir, kobalt va nikel uchligi ostida joylashganini ko‘rasiz. Albatta, platina guruhi metallari temir, kobalt va nikelga unchalik ham o‘xshamaydi. Lekin, ularni mutlaqo o‘zaro begona guruhlar deyish ham to‘g‘ri emas. Nikel shaxtalarida odatda platina guruhi metallari ham birga chiqadi. Masalan, Kanadadagi nikel konlarida ushbu nodir metallar ham olinadi. 

Platina kashf qilinganidan keyingi 70 yil mobaynida uning guruhiga mansub metallardan faqat platinaning o‘zigina olimlarga ma’lum edi. Lekin, keyinchalik, 1803-1805 yillar orasida ushbu guruhga mansub metallardan yana to‘rttasi kashf qilindi. Dastavval ingliz kimyogari Uilyam Xayd Vollaston palladiy va rodiyni ochdi. Rodiy yunonchadagi «pushti» degan so‘zga asosan nomlangan bo‘lib, sababi, uning ayrim birikmalari aynan shunday rangga ega. Palladiyni esa, undan bir necha oy avval kashf qilingan mitti sayyora, Pallada asteroidi sharafiga nomlangan. Shu orada, boshqa bir ingliz kimyogari Smitson Tennat pallada yombisining spirtdagi eritmasi qoldiqlaridan yana ikkita yangi metallni kashf etdi. Metallardan biriga Tennat yunonchada «hid» ma’nosini beruvchi osmiy degan nomni bergan. Chunki, uning kislorod bilan birikmasi, ya’ni, osmiy tetraoksidi o‘tkir qo‘lansa hidga ega bo‘ladi. Ushbu modda sassiq bo‘lishi bilan birga odam uchun zaharli hamdir. Tennat kashf qilgan ikkinchi metall iridiy bo‘lgan. Uning nomi lotinchada «kamalak» ma’nosini beradi. Sababi, iridiyning turli birikmalari juda xilma-xil ranglar jilosiga ega bo‘ladi. Masalan, uning yashil, qizil va binafsharang birikmalari mavjud. 

Faqat tabiatan asl bo‘lak yombi holidagi platina tarkibida uchraydigan ruteniy bir muddat kimyogarlar ko‘zidan pana qolib, kashf etilishi ancha kechikib qolgan edi. Platina guruhi metallari ichida eng kamyobi bo‘lmish ruteniyni vanihoyat 1844-yilda SanktPeterburgdagi tanga zarb qilish korxonasida Uraldan keltirilgan tabiiy platina bo‘laklari tarkibidan kimyogar K. Klaus ajratib olgan. Unga Rossiyaning qadimgi nomiga muvofiq shunday nom berilgan. 

Osmiy va iridiy metallari platinaning spirtda erishidan qoldiq shaklida kashf qilinganidan xulosa qilinsa ayon bo‘ladiki, ushbu metallarga spirt ta’sir qilmas ekan. Demak, ular hatto platinadan ham aslzodaroq bo‘lib chiqmoqda J. Rodiy va ruteniyning ham platinadan ham afzal jihatlari bor. Rodiydan tayyorlangan qizdirish uskunalari platina bardosh bera olmaydigan yuqori haroratlarga ham chidamli bo‘ladi. Lekin, palladiy ham xuddi platina singari spirtda eriydi. Bular ichida eng nodiri – iridiy deyish mumkin. 

Yirik projektorlarning akslantirgich ko‘zgularining kumush qoplamasi ustidan yupqa rodiy qatlami yotqiziladi. Shunday qilinsa, bunday akslantirgich ko‘zgularga oltingugurt va uning birikmalari ta’sir qila olmay qoladi va u xiralashmasdan, doim yarqiroq saqlanadi. 

Osmiy va iridiy platinadan ko‘ra pishiq va qattiq metallardir. Sof platina ancha yumshoq va egiluvchan bo‘lib, undan hatto kimyo laboratoriyalarida ham foydalanish birmuncha noqulay. Shu sababli, sof platinaning o‘zidan kamdan-kam foydalaniladi. Unga atiga 10% iridiy qo‘shib qotishma hosil qilinsa, olingan metall juda pishiq va mustahkam bo‘ladi. 

Platinaning bu kabi iridiy bilan qotishmasi o‘ta barqaror va mustahkam metall bo‘lgani sababli, undan o‘lchov etalonlari tayyorlashda foydalaniladi. Masalan, butun dunyo bo‘yicha qo‘llaniladigan kilogramm etaloni aynan platina-iridiy qotishmasidan tayyorlangan. Biz bozor va do‘konlarda ishlatadigan qadoqtoshlarning barcha-barchasi Parijda saqlanadigan shunday etalon toshga qiyosan tayyorlanadi. Metrning avvalgi qoidasi va ta’rifi ham aynan shunday qotishmadan tayyorlangan etalonga asoslangan edi. Lekin, keyinchalik, aniqrog‘i 1983-yildan e’tiboran metrning etalonidan voz kechildi va uning o‘rniga, metrning yorug‘lik tezligiga asoslangan boshqa yanada aniqroq qoidasi ishlab chiqildi. 

Osmiy va iridiyning qotishmasi osmiridium deyiladi. Osmiridium tabiiy holda ham uchraydigan qotishma bo‘lib, uning tarkibida platina guruhidagi boshqa metallarni ham kam miqdorda uchratish mumkin. Bu qotishma qattiqligi jihatdan eng yaxshi metallar sirasiga kiradi. Shu sababli, undan aynan qattiqlik talab qilinadigan o‘rinlarda, xususan, avtoruchka uchun pero tayyorlashda va grammofon ignalarini yasashda foydalaniladi. 

Platina guruhi metallari unchalik ham yaxshi o‘tkazgich emas. Ularning o‘tkazuvchanligi mis yoki kumushnikidan olti marta past. Lekin, bunday xossaning ham afzal taraflari bor. Yomon o‘tkazgichlardan tok o‘tganida ular kuchli qiziydi. Agar bunday o‘tkazgich juda ingichka sim shaklida bo‘lsa, undan tok o‘tishi tufayli u kuchli qizib, oqarib ham ketadi va o‘zidan yorug‘lik tarata boshlaydi. Shu sababli, bir paytlar cho‘g‘lanma lampalarda osmiy metallidan foydalanilgan ham edi. Platina guruhi metallari ichida eng yuqori erish harorati aynan osmiyga tegishli bo‘lib, buning uchun 2750 ℃ daraja talab etiladi.  Platina guruhi metallari og‘ir vazni bilan ham yaqqol ajralib turadi. Ruteniy, palladiy va rodiy kumushdan og‘ir bo‘ladi. Osmiy, iridiy va platina oltindan og‘irroq bo‘ladi. Umuman olganda, bu metallar eng og‘ir metallardir.

Platina oltindan ko‘ra % ga og‘irroq bo‘ladi. Agar g‘isht kattaligidan oltin taxminan 20 kg tosh bosishini eslasangiz, xuddi shu o‘lchamdagi platina 22 kg keladi. Iridiy va osmiy bundan ham og‘irroq bo‘ladi. G‘isht kattaligidagi iridiy va osmiyning vazni 23 kg va undan yuqoriroq bo‘ladi. Ushbu ikki metall fanga ma’lum moddalar ichida eng og‘ir moddalar sanaladi. 

Platina mavjud sharoitda, ya’ni, platina huzurida vodorod xona haroratida ham kislorod bilan birika boshlaydi va ko‘plab organik birikmalar tarkibiga kirib keladi. Shuningdek, platina huzurida kislorod oltingugurt dioksid bilan birikib oltingugurt gazi hosil qiladi. Bu oltingugurt kislotasi olishning eng muhim bosqichlaridan biri sanaladi. Sezganingizdek, platina – muhim katalizator sifatida xizmat qiladi.

Mayda bo‘lak-bo‘lak zarralar shaklida esa platinaning katalizatorlik samaradorligi yanada ortadi. Kukun holiga keltirilgan platina qoramtir tusga kiradi. Bunday kukunni platina qorasi deyiladi. Bunday qimmatbaho modda bilan ishlashni osonroq qilish uchun, uni asbestdan tayyorlangan inert qoplamaga joylashtiriladi. Platinalashtirilgan asbest ko‘plab kimyoviy ishlab chiqarishlarda katalizator sifatida qo‘llanadi. Shunda, odatda juda uzoq muddat boradigan kimyoviy reaksiyalar tezligi ortib, samaradorligi bir necha hissa kuchayadi. 

Lekin, platinaning sanoatda keng qo‘llanishiga to‘g‘anoq bo‘ladigan yagona muammosi – uning narxi o‘ta qimmat ekanidir. Shu sababli, platina o‘rniga u darajada samarador bo‘lmasa-da, lekin, unga yaqin xizmat qila oladigan arzonroq metallardan foydalaniladi. 

Vodorod ishtirok etadigan reaksiyalarda shuningdek palladiy ham juda yaxshi katalizator bo‘la oladi. Palladiyning vodorodni o‘ziga singdirishini kuzatish juda qiziq. Oddiy sharoitda bir birlik hajmga ega palladiy bo‘lagi o‘zining hajmidan 500 barobar ko‘p hajm vodorodni absorbsiyalashi mumkin. Yuqori haroratlarda esa ushbu yutish hajmi yanada ortadi. Tabiiyki, bunda palladiy bo‘lagining o‘zining hajmi ham ortadi. Platina guruhining boshqa metallari ham vodorodni absorbsiyalash xossasiga ega. Lekin, ular ichida bu ishni baribir eng yaxshi uddalaydigani aynan palladiy bo‘ladi. 

Palladiy ham platina singari zargarlikda ham ishlatiladi. 0,9 qismi palladiy va 0,1 qismi oltindan iborat palladiyli tilla ham oq tilla turiga mansub bo‘ladi.  

https://cheminfo.uz/platina-haqida-malumot/
https://cheminfo.uz/platina-va-uning-guruhi/
🏷️ Teglar: #iridiy haqida #osmiy haqida #palladiy haqida #Platina guruhi haqida #platina haqida #rodiy haqida #ruteniy haqida