📅 Kimyo va ilm-fan portali
ChemInfo.uz

Kimyo haqida blog

Kimyo bo'yicha Nobel mukofoti laureatlari e'lon qilindi(2021)

Kimyo bo'yicha Nobel mukofoti laureatlari e'lon qilindi(2021)

Kimyo bo'yicha 2021 yilgi Nobel mukofoti Benjamin List va Devid MakMillanga assimetrik organokatalizni ishlab chiqish uchun berildi.

Olimlar 2000 yilda kichik organik molekulalar yordamida katalizning yangi turini yaratgani uchun Nobel mukofotiga sazovor bo'lishgandi. Bungacha faqat ikkita katalizator turi ma'lum bo'lgan: metallar va fermentlar. Rivojlangan organik katalizatorlar barqaror uglerod atomlaridan tuzilgan, ularga faolroq kimyoviy guruhlar biriktirilishi mumkin. Ularda kislorod, azot, oltingugurt yoki fosfor kabi elementlar mavjud bo'lib, ularni ekologik toza va ishlab chiqarishni arzonlashtiradi.

Taqdirlash marosimi 10 dekabrga belgilangan. COVID-19 koronavirus pandemiya munosabati bilan o'tkaziladigan marosim onlayn rejimida o'tkaziladi. 10 million shved kronasi (1,14 million dollardan ortiq) miqdoridagi mukofot ikki laureat o‘rtasida teng taqsimlanadi.

“Organokataliz aqlbovar qilmas darajada tez rivojlanmoqda. Bunday reaksiyalar yordamida tadqiqotchilar endi yangi farmatsevtika vositalaridan tortib quyosh panellarida nurni yuta oladigan molekulalarga qadar hamma narsani yanada samarali tarzda yaratishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

List 1968-yilda Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida tug‘ilgan va doktorlik darajasini 1997- yilda Frankfurtdagi Gyote universitetida olgan. Hozirda u Germaniyaning Myulxaym-na-Rur shahridagi Maks Plank nomli ilmiy tadqiqotlar jamiyati tadqiqot institutlaridan birining rahbari.

Makmillan 1968-yilda Shotlandiyaning Bellzxill shahrida tug‘ilgan. Keyinchalik u AQShga ko‘chib o‘tgan. 1996-yilda Irvayn shahridagi Kaliforniya universitetida doktorlik dissertatsiyasini olgan. Hozir u Prinston universiteti professori.

2020-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti genomni tahrirlash usullarini ishlab chiqqani uchun Emmanuel Sharpantye va Jennifer Dudnega topshirilgandi.

4-oktabr kuni Stokgolmda Nobel haftaligi boshlandi. Birinchi bo‘lib an’anaviy tarzda tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha mukofot laureatlari e’lon qilindi. Bu yil ushbu yo‘nalishda mukofot AQShda faoliyat olib boradigan olimlar — Devid Julius hamda Ardem Pataputyanga harorat va sensorli retseptorlar ustidan tadqiqotlar uchun berildi.

5-oktabr kuni fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga uch nafar olim sazovor bo‘ldi. Mukofotning bir qismi amerikalik iqlimshunos Syukuro Manabe va germaniyalik olim Klaus Xasselmanga Yer iqlimini fizik modellashtirish va global isishning ishonchli tahlili uchun, ikkinchi qismi esa italiyalik fizik Jorjo Pariziga atomlardan sayyoralargacha bo‘lgan fizik tizimlarda tartib va tebranishlarning o‘zaro ta’sirini kashf qilgani uchun beriladi.

Mukofotni topshirish marosimi 10-dekabrda, Alfred Nobel vafot etgan kunda bo‘lib o‘tadi. Odatda Nobel mukofoti sovrindorlarini Shvetsiya qiroli Stokgolmda shaxsan tabriklardi (Osloda taqdirlanadigan Tinchlik mukofoti sovrindorlari bundan mustasno). Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli 2021-yilda xuddi o‘tgan yilgi kabi tantanali marosim va ziyofat bo‘lmaydi. G‘oliblar onlayn tarzda taqdirlanadi.

🏷️ Teglar: #Nobel mukofoti 2021 #nobel mukofoti kimyo 2021